O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FANLAR AKADEMIYASI ALISHER NAVOIY NOMIDAGI DAVLAT ADABIYOT MUZEYI


        O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi ko‘p asrlik tarixga ega o‘zbek xalq og‘zaki ijodi, adabiyoti bilan bog‘liq bo‘lgan qo‘lyozmalar, turli hujjatlar, rasmlar, fotosuratlarni to‘plovchi, saqlovchi, ilmiy tadqiq etuvchi va ko‘rgazmali eksponatlar tarzida namoyish etish orqali xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning ma’rifiy saviyasini yuksaltirishga xizmat qiladigan noyob madaniy, ilmiy maskandir.
        Muzey dastlab 1939 yili Alisher Navoiyning 500 yillik yubileyini o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan Davlat qo‘mitasi qoshidagi ko‘rgazma shaklida barpo etilgan. 1947 yili ko‘rgazma zaminida Adabiyot muzeyi tashkil topgan. 1968 yildan e’tiboran O‘zbekiston Fanlar akademiyasining mustaqil ilmiy va ilmiy-ma’rifiy muassasasi sifatida faoliyat yurita boshlagan.
        Muzeyda “Sharq qo‘lyozmalarini to‘plash, ilmiy tavsiflash va tadqiq qilish bo‘limi”, “O‘zbekiston shoir va yozuvchilar arxivini ilmiy tavsiflash va nashr qilish bo‘limi” va “Ekspozisiya bo‘limi” kabi bo‘limlar faoliyat olib boradi.
        Bo‘lim fondlarida o‘zbek xalq og‘zaki ijodi durdonalari, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarimizning noyob qo‘lyozma asarlari nusxalari, toshbosmalar, o‘zbek adabiyotiga o‘zining benazir ulushini qo‘shgan va qo‘shib kelayotgan ijodkorlarimizning, adabiyotshunos olimlarning arxivi jov olgan.
        Muzey binosi noyob arxitektura yodgorligi hisoblanadi. Muzey Xalqaro muzeylar kengashi IKOM tashkiloti a’zosi. Muzeyga har yili minglab tomohshabinlar, jumladan, chet ellik sayyohlar tashrif buyurishadi. Bu yerda muntazam ravishda ijodkorlar bilan ijodiy ushrashuvlar, ochiq darslar tashlik etiladi. Muzey xodimlari tomonidan tayyorlangan ilmiy asarlar, ilmiy maqolalar Rossiya, Ukraina, Turkiya, Yaponiya kabi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida chop etib kelinadi.
        O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlar adabiyot muziyi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 891-sonli qarori muzeyning bundan keyingi faoliyatida alohida ahamiyatga ega. Bu mamlakatimizda adabiyot, san’atga bo‘lgan yuksak e’tiborning nishonasidir.